Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
Endi, savol: nega Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «muborak Ramazon oyi kelsa va unga yetishish nasib qilsa», degan umid bilan uni mushtoq bo'lib kutyaptilar? Sababi, Alloh taolo
Ramazonni O'zining oyi qilgan. Biz narsa-hodisalarning zohirinigina ko'ramiz (asliyatidan bexabarmiz).
Ramazon xususida bilgan-o'ylaganlarimiz ham zohiriydir. Uni faqat ro'za oyi deb bilamiz. Unda kunduzi yeb-ichilmaydi, kechasi tarovehlar o'qiladi, deb bilamiz. Bo'ldi, shu xolos. Bu
gaplar ham to'g'ri, lekin shuning o'zi bilan ish tugamaydi. Balki, ro'za bo'lsin, tarovehlar bo'lsin yoki muborak Ramazonning boshqa bir ibodati bo'lsin barcha-barchasi boshqa bir ulkan narsaning alomatidir. U ham bo'lsa, Alloh taolo bu oyni O'zining oyi qilganidir. Odamlar o'n bir oy mol-dunyoning yugur-yugurlari ila mashg'ul bo'ladilar va Allohdan uzoqlashadilar, dunyo
ishlariga o'ralashib qoladilar, g'aflatga mubtalo bo'ladilar. Shunday bir paytda Alloh bizga bir oygina Ilohiy dargohga yaqin bo'lishi, g'uboru dog'lardan hayotini, borlig'ini, qalbini
poklab olishi uchun barakotlarga burkangan oyni - O'zining oyini ato etadi. Rabbimizdan juda uzoqlashgan, dunyoning yumushlariga o'ralashib qolgan edik. O'yimiz, fikrimiz, xayolimiz,
amalu fe'llarimiz barchasi dunyoning tashvishlari ila band bo'lib, bandalik maqomimiz yo'qolayozgan edi. Ana shunday behuzur bir paytda Olamlar Rabbi bizga saodat oyini ato
etmoqda. Endi, biz bu oy sari oshiqib, shavq ila kutib olmog'imiz, uni bekamu ko'st o'tkazish uchun bor vujudimiz bilan harakat qilmog'imiz lozim. Shundagina bizda Allohga qurbat hosil
bo'ladi. Shu oyda qurbat hosil bo'lmasa, boshqa oylarda juda dushvor. Chunki bu oy Uning oyidir.
Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniyning «RAMAZONNI QANDAY O'TKAZAMIZ?» kitobidan.