Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
Bu voqea yaqin kunlarda, Ramazon oyi kezlari yuz berdi. Ishdan odatdagidan kechroq qaytar
ekanman, kechgi iftorlikka biron taom hozirlashga ulgurolmasligim gumoni g'olib kela
boshladi. Nima qilsam ekan? Yo'l- yo'lakay do'konga kirib, biron yarim tayyor mahsulot sotib
olib, uyda pishirishni ko'nglimga tugdim. Shu payt do'kondagi muzlatgichda kichik idishlarda
turgan go'jani ko'rib qoldim. Anchadan beri go'ja oshi ichmaganimdanmi, juda uni tanovul
qilgim keldi. Ayni paytda uyda ikki kishigina bo'lganimiz uchun ikkita idishdagi go'jani
sotib olib, uyga shoshildim. Kela solib soatga qaradim, iftor vaqti yaqinlashib qolibdi...
Oshxonada choy-poylarni tayyorlab, dasturxonni tuzagunimcha ko'cha eshikdan qo'shnilar chaqirib
qolishdi. Bemorlari bor ekan, ularni ko'rikdan o'tkazib, zarur muolajalarni tayinlagunimcha,
orqasidan yana boshqa bemor kelib qoldi... Ular bilan ovoramanu, ko'nglim oshxonadagi stol
ustida turgan go'jada...
“Hozir bularni kuzatamanu, kirib iftor qilaman, og'zimni ochishim bilan go'jani yeyman... Ha-
ya, avval shomni o'qib olishim kerak...”
Shu asnoda xo'jayinim oshxonaga birrov kirib, bir narsa ko'tarib chiqqandek ko'rindi. E'tibor
ham bermadim. Nihoyat bemorlarim ketib, bo'shagach, oshxonaga chopdim. Kirsam, suzib qo'ygan
go'jam yo'q! Mehmonxonaga kirdim, xo'jayinim oshnasi bilan hangomalashib, go'ja ichib
o'tiribdilar. Yosh boladek ko'nglim buzilib ketdi...
“Mayli, nasib emas ekan-da...” dedim. Ammo, o'sha payt rosa go'ja ichgim kelgan ediki... asti
qo'yavering.
Shu payt yana ko'cha eshikdan birov chaqirdi. Chiqib qarasam, sal nariroqdagi bir qo'shnim.
Onalarining qon bosimlari ko'tarilib ketgan ekan, chiqib ko'rib bering, dedi. "Xo'p”, dedimu
qo'shnimnikiga yo'l oldim. Onaxonni ko'rikdan o'tkazdim, qon bosimlariyam me'yorida chiqdi.
Keyin bilsam, ularning tonometrlari buzilib qolgan ekan. Shuni aytib, bosh og'rig'i boshqa
sababdanligini aniqlab, muolajaga dorilar yozib berdim. O'rnimdan turishga hozirlangan
edimki, qo'shnim dasturxonga taklif qildi. Noiloj o'tirdim. Shu on, issiqqina bir kosa
ovqatni menga uzatishdi. Ne ko'z bilan ko'rayki, sal oldin ko'nglim juda tusab, icholmagan bir
kosa go'ja edi... Ovqatni ko'rib, bir ajablanaman, bir kulaman. Holatimdan taajjublangan
qo'shnimga bo'lib o'tgan voqealarni aytib berdim. Qo'shnim: "Subhonalloh, rizqingiz
biznikida ekan-da...", dedi. Go'jamni bismillah, deb maza qilib ichib oldim...
Ko'nglimdan milt etib o'tgan xayolni-da bilib, uni menga hozir qilish uchun qo'shnimning
tonometrini nosozligini sabab qilib, rizqim tomon meni yetaklab qo'ygan Alloh taologa
bitmas-tugamas hamdu sanolar bo'lsin. Anchadan beri chiqolmay, holidan xabar ololmay yurgan
qo'shnimni ziyorat qilib, silai rahm eshigiga chorlab qo'ygan Robbimga shukrlar bo'lsin!
Feruza Obidova,
shifokor