Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
Ey inson! Shuni bilib qo'y. Robbingning duoyingni aynan sen istagandek qabul qilmasligi balki aslida uni qabul qilganligidandir. Umidingni so'ndirma! Yuz yoshida farzandli bo'lgan
Zakariyo alayhissalomdan, gulxanda yonmagan Ibrohim alayhissalomdan ibrat ol!
Unutma, Alloh azza va jalla ziyonga o'xshab ko'ringan narsadan foyda, foydaga o'xshab ko'ringan narsadan ziyon chiqarishga qodirdir. Shuning uchun har narsaning xayrlisini-foydalisini
so'rab duo qil.
Istaganingga erishguncha ham, erishgach ham imtihondasan. Salomatlikda, xastalikda, maktabda, uyda, ishda, har yerda sinovdasan. Do'sting, birodaring, o'quvching, mijozing, qo'shning, ishchi
bilan so'zlashayotganda ham imtihondasan. Masjidga kirib, bir burchakka borib o'tirding, mo'ysafid bir amaki kelib: “O'g'lim, bilmasmiding, qirq yildan beri bu yerda men o'tiraman?!”
deganda ham sinalyapsan. Mashinada ketayotganda, qaysidir haydovchi qoidani buzib sendan o'zib ketdi, yetmaganiga ro'lini burib oldingga o'tib oldi. Imtihondasan. Do'konni ochding,
“Bismillah” deyishga og'iz juftlamay, bir miskin kelib: “Assalom alaykum, hormang, birodar” – deb qoldi. Sadaqa qilasanmi, quruq qo'l bilan qaytarasanmi? Bu ham imtihon. Har yerda, har
xil vaqtda turli shakl-u shamoyilda sinalasan. Asosiy masala – olovdan eson-omon qutulib chiqib jannatga erisha olishingda.
Zakariyo alayhissalom ushbu imtihonning asl ma'nosini anglagan, boshi berk har ko'chada, adashilgan har manzilda Alloh tomon yo'l topadigan, qalblarga malham bo'luvchi farzand so'rab
duo qildilar. Alloh u zotga Yahyo alayhisssalomni berdi. Zakariyyo alayhissalom ham o'z o'g'lini Alloh yo'lidagi o'g'il sifatida voyaga yetkazdilar. Yahyo alayhissalom ulg'ayib, faqatgina
Allohning shariatini tasdiqlashlarini [147] e'lon qildilar. Insonlarning oldida bosh egmadilar, Alloh harom qilga biror-bir narsaga mayl qilmadilar. Robbiga bergan qullik
ahdiga sodiq qoldilar. Hayotni namozga emas, namozdagi xushu'ni hayotlariga tatbiq qildilar.
Bashariy tuzumlarning inson hayotiga olib kirgan barcha qonun-qoidalariga qarshi
kurashdilar. Sadoqatining nishonasi sifatida bu yo'lda jonlarini fido qildilar.
Yahyo alayhissalom o'z qarashlari orqali butun musulmon yoshlarini “rahbar” bo'lishga, ya'ni insoniyat qurgan tuzumlar asosida boshqariladigan shaxs emas, Allohning nizomiga asoslanib
insoniyatni boshqaradigan “qul” bo'lishga undadilar. Iffat va izzat ustunlari orasidagi hayotda yashadilar. Qur'onda zikr qilinganidek, “hasur – shahvati tiyilgan” payg'ambar bo'ldilar. Bir yigit shaytonning vasvasasiga qarshi qanday kurasha olishini ko'rsatib berdilar.
--------------------------------
[147] Oli Imron surasi, 39-oyat.
Abdulloh Rahim va Nilufar Allamova tarjimasi