Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
Er va xotin o'ttiz yil birga hayot kechirdilar. O'ttiz yillik hayoti davomida ayol har kuni ertalab shirmon non yopar edi. Shirmonning chekka qismi yog'li bo'lganligidan bu erimga
munosibroq, degan fikrda doimo o'rta qismini olib qolib, chekkasini eriga taqdim qilar edi. O'ttiz yil davomida shu odatni tark etmadi. O'ttiz yillik baxtli hayotlarining bir tongida
ayol odatdagidek shirmonning o'rtasidan kesib, ikki qismiga ham sariyog' surtdi-da, nonning yog'li qismini eriga berayotganida birdan o'ylanib qoldi:
“Birga yashaganimga o'ttiz yil bo'ldi. Shu vaqt mobaynida shirmoy nonning men yaxshi ko'radigan sedanali, qizarib pishgan tepa qismini o'zim yeyishni xohlab tursam-da, erimning hurmatidan
istagimdan voz kechdim. Shu kungacha erim uchun namunali ayol bo'ldim, solih farzandlarni tarbiya qildim, qarindoshlarini izzat, do'stlarini hurmat qilib keldim. Vafodor, yaxshi beka
bo'lib, uy-xo'jalik ishlariga qaradim, oilamiz uchun qancha kuch-g'ayrat va sog'lig'imni sarf qildim. Hozir esimga kelmayotgan bo'lsa ham, yana ko'plab yaxshi ishlarni qilganman. Mana endi
shirmoy nonning tepa qismini yeyishga mening ham haqqim bordir”.
Shunday qilib o'ttiz yillik an'anani buzib, shirmoy nonning o'rta qismini eriga uzatdi. O'zining beodobligidan bir oz xijolat ham bo'ldi. Biroq nafs ustun keldi. Ammo
kutilmaganda er quvonib, yuzlari yorishib, ayoliga tabassum hadya qildi va:
– Azizam! Bugun menga qimmatbaho sovg'a taqdim etding. Buni qaragin, men shirmoy nonning o'rta qismini yaxshi ko'rar edim. O'zim yaxshi ko'rgan qismini yemaganimga ham o'ttiz yil bo'libdi.
Bu qismini har tong yeyishni xohlar edim, lekin shirmoy nonning shirin bo'lgan o'rta qismi sening haqqing bo'lganligi va men senga har doim yaxshisini ilinganim uchun buni aytishga,
so'rashga botina olmas edim. Mana bugun ajoyib kun bo'ldi!
Ayol yuzlari qizargancha yerga qaradi. Erining qandoq ham muruvvatga to'la inson ekanini har doimgidan ham ko'proq his qildi. Alloh taolo shunday insonni uning taqdiriga bitib
qo'yganidan butun vujudi shukronaga to'ldi.
Isomiddin Sayfullaev