Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
Arafa bu shunday kunki, yil davomidagi barcha kunlarni marjon donalari deb tasavvur
qilsak, bu kunni ushbu marjon shodasining o'rtasidagi duru gavhariga o'xshatiladi.
Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu
alayhi vasallam aytdilar: “Shayton boshqa kunlarda arafa kunida ko'ringanidek kichik,
mag'lubiyatga uchragan, xor va achchiqlangan holida ko'rinmagan. Bu uning Alloh subhonahu va
taoloning rahmatlari tushayotganini va bu kunda ulkan gunohlarni kechirib yuborayotganini
ko'rgani sababidandir" (Imom Molik va imom Bayhaqiy rivoyat qilishgan).
Bu muborak kunning fazilati haqida eshitib har bir insonning ushbu savollarni berishi
tabiiydir:
"Bu gaplar arafa kuni Arafot vodiysida yig'ilgan odamlar uchungina xosmi? Yoki yer yuziga
tarqalgan mo'min-musulmonlarning barchasi uchun umumiy aytilganmi? Allohning uyini haj
qilish uchun borishga ruxsat tegib Arafot vodiysida turganlar uchun aytilganmi yoki bunga
imkoni bo'lmagan hammaga ham barobar umumiy aytilgan so'zmi?
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning aytgan ushbu gaplari yer yuzidagi barcha
musulmonlarni o'z ichiga olgan umumiy so'zdir. U zot alayhissalom bu fazilatni bir makonga va
muayyan toatlarga bog'lab qo'ymadilar. U zot alayhissalom: “Duoning yaxshisi arafa kunining
duosidir, men va mendan oldingi Payg'ambarlar aytgan eng afzal narsa: "La ila illalloh"
kalimasidir", deb aytdilar.
Agar duoning yaxshisi arafa kunining duosi bo'lsa, unda inson qaerda va qaysi shahar yoki
qishloqda bo'lishidan qat'i nazar bu yaxshilik mana shu kun uchun umumiydir. Muhimi, shu kuni
qaerda bo'lsa ham inson Allohga yuzlanishi va Allohning bandalariga yaqinlashish fursatidan
foydalanib qolishi va o'zi ham Allohga yaqin kelishidir.
Agar bu narsa shaytonning Alloh rahmatidan quvilishini taqozo etgan sifatlarining eng
muhimi sanalsa, unda bu kun, ya'ni arafa kuni haqiqatda zamonning paydo bo'lishidan buyon
ajoyib kun ekanini ma'lum bo'ladi. Bu kun zamonlar ichra buyuk kundir. Bu kun shaytonni
kuchdan, takabburlik va qudratdan qoldirishga qodir bo'lgan kundir. Shuning uchun bu kunning
sir-asrorlari sababidan siz bilganingizdek shayton, kichik, mag'lubiyatga uchragan, xor va
achchiqlangan holatda bo'ladi.
Agar bu kunning ta'siri shaytonga shunday bo'lsa, u holda bu kunni Alloh subhonahu va
taoloning bandalariga bo'lgan ta'siri qanday bo'lishi lozim? Shaytonning Alloh rahmatidan
quvilishiga sabab bo'lgan kishilarga nisbatan bu kunning ta'siri qanday bo'lishi kerak?
Bu kun bizni nafsimizga qarshi kurasha oladigan qudratga ega bo'lishi lozim. Bu kunda
musulmonlar o'zlarini Allohga yaqin bo'lganlarini his qilgan vaqtlarida ularning qalbida
kuchli quvonch, ulkan saodat va tengi yo'q rohat paydo bo'lishi lozim.
Mana shu kunlardagi eng yomon odam Payg'ambarimiz aytganlaridek kichik, mag'lubiyatga uchragan,
xor va achchiqlangan ko'rinishdagi shaytonning holiga tushgan insondir.
Eng ajablanarlisi shuki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vasf qilgan mana shunday
muborak kunlar o'tib borayotgan bir vaqtda va yana shaytonning holi qay ahvolga tushganini
bayon qilib bergan bir vaqtda inson o'zini isloh qilishi uchun Alloh taologa
yuzlanmasligidir. Insonni Allohdan yuz burishda va Allohni unutib o'zini yo'qotishda davom
etishi eng achinarli holatdir.
Men bu ko'rinishni hech qachon unutmayman. Bu ko'rinishni sizlarga ilgari ham bir marta aytib
berganman, u Allohning kitobi qachon takror o'qilganda esimizga keladigan Alloh taolo
tasvirlab bergan ko'rinishdir:
"Farishtalarga: "Odamga sajda qilinglar", deganimizni esla. Bas, o'shanda ular sajda
qildilar. Magar Iblis qilmadi. U jindan bo'lgan edi. U o'z Robbining amridan chiqdi. Endi
sizlar Meni qo'yib uni va uning zurriyotlarini do'st qilib olasizlarmi?! Holbuki, u sizlarga
dushman-ku! U zolimlar uchun naqadar yomon badaldir". (Kahf surasi, 50-oyat).
Qachon bu ilohiy so'zni o'ylasam, insonni hijolat bosib bu hijolat uning boshidan oyog'igacha
o'tib ketishi lozim ekanini his qilaman. Bu go'zal so'zni ko'rdingizmi? Robbimiz azza va jalla
o'zining insonga bo'lgan hurmatini aytib berayabdi. Bu ehtirom Rasululloh bugungi kundagi
xolini sifatlab bergan shaytonni odam uchun ta'zim qilishga buyurganida bo'lgan edi. Albatta
bu hurmat payg'ambarlar va bashariyatning otasi Odam alayhissolatu vassalomga sajda qilishga
amr etgan vaqtda bo'lgan edi.
Ey odam bolasi, Alloh shaytonni senga ta'zim qildirib, seni azizu mukarram etgan. Lekin
shayton takabburlik qilib gunohkor bo'lgan. U Alloh hurmat qilgan insonga ehtirom
ko'rsatishdan bosh torgan. Uning ko'nglida sizlar uchun takabburlik balki sizlarga nisbatan
nafrat va dushmanlik paydo bo'ldi.
Bu yerda ilohiy bayonot insonni shunday suroqqa tutadi:
“Endi sizlar Meni qo'yib uni va uning zurriyotlarini do'st qilib olasizlarmi?! Holbuki, u
sizlarga dushman-ku!" (Kahf surasi, 50-oyat).
Sizlarni hurmat qilib shaytonni sizlar uchun ta'zim qilishga buyursam-u, u esa takabburlik
qilib, sizlarga nisbatan ko'nglida adovat paydo qilgan bo'lsa, shunda ham sizlarni hurmat
qilgan ilohingizdan yuz burib sizga dushmanlik qilgan shaytonni do'st tutib olasizlarmi?! Bu
qanday bedodlik?
"Endi sizlar Meni qo'yib uni va uning zurriyotlarini do'st qilib olasizlarmi?! Holbuki, u
sizlarga dushman-ku! U zolimlar uchun naqadar yomon badaldir".
Zolim insonning Alloh subhonahu va taoloni qo'yib shaytonni do'st qilib olishi juda yomon
ishdir. Zolim inson bu zulmini kimga qilmoqda? Albatta o'ziga.
Yaxshi ko'rgan Robbisining do'stligini va uning maqomini ko'tarib ikrom etgan Allohning
do'stligini shaytonning do'stligiga almashtirgan zolim inson qanchalar yomondir. U inson bu
do'stlikni, dushmanligini e'lon kilgan va takabburligini oshkor etib Allohning yo'lida
yurishdan ularni to'xtatish uchun oldida to'siq bo'lishini bildirgan shaytonning do'stligiga
almashtirdi.
Qachon bu oyatlarni o'qisam, meni qayg'u ezadi. Alloh subhonahu va taolodan hijolat
bo'lganimdan vujudimda dardu alam to'lib toshadi. Bundan ham yomon tubanlik bormi? Alloh
senga yaxshilik qilsa-yu, sen Undan yuz burasan? Shayton dushmanlik kaltagi bilan ursa-yu unga
yuzlanib uning qo'l oyog'ini o'pasan?
Shunday bo'lsa ham Alloh taolo har kuni va boshqa vaqtlarda ham bandalarini uyqularidan
uyg'onishga chorlaydi. Alloh subhonahu va taologa yuzlansinlar deb, ularni o'rab olgan
g'aflatdan hamda ong va vujudlaridagi nodonlikdan tuzalishga chaqiradi.
Agar shayton bu kunda bandalariga Allohning rahmati quyilib kelayotgani sababli kichrayib
mag'lubiyatga uchragan, xor va achchiqlangan ko'rinishga keladigan bo'lsa, u holda bu kunning
bizlarga bo'lgan ta'siri qanday bo'lishi lozim? Bizlarni Allohga yuzlanishimiz uchun bo'lgan
ta'siri qanday bo'lishi kerak? Alloh bilan bo'lgan munosabatimizni yaxshilanishi va bizni
undan to'sayotgan nopokliklardan qalbimizni tozalashimiz uchun bu kunning ta'siri qanday
bo'lishi kerak?
Biz bu pok qalbimizni Allohning muhabbati bilan to'ldiramiz va yana uni ulug'lash va unga
bo'lgan qo'rqinch bilan boyitamiz. Keyin bu tuyg'ularimizning to'g'riligini uning yo'lida yurish
bilan, buyruqlarini bajarish bilan, nasihatlarini mahkam tutish va qaytargan
qaytariqlaridan chetlashish bilan isbotlaymiz. Biz aniq ishonamizki Alloh bizga nimani
buyurgan bo'lsa, unda bizning saodatimiz bor. Bizni nimadan qaytargan bo'lsa, o'sha man
qilingan ishda bizni baxtsizligimiz borligi uchun qaytargan.
Bu kunni, ya'ni arafa kunini Allohning mo'min bandalariga va o'zini mo'minman deb da'vo
qilayotganlarga bo'lgan ta'siri mana shunday bo'lishi kerak.
Ushbu so'zimni aytib Allohdan mag'firat so'rayman.
Muhammad Sa'id Ramazon Butiy
Abdulloh G'ulomov tarjimasi