Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
Ilm hurmatidan insonlar ko'pincha maslahat so'raydilar. Tavsiyalarim orasida bir hadis juda
ko'p takrorlanadi. U ham bo'lsa, inson kasb qiladigan odatlarga oiddir.
Odat aslida arabcha so'z bo'lib, «'aada» fe'lidan olingan bo'lib, qaytish, takrorlanish degan
ma'nolarni anglatadi.
Demak, odat ko'p marta takrorlanadigan ish bo'lib, inson uni oson va hatto ongsiz ravishda
muntazam bajaradi. E'tibor qaratadigan bo'lsak, qiladigan ish-harakatlarimizning aksari
odatlardan iborat.
Yangi kunni qabul qilib olganimizdan boshlab, to shu kunning nihoyasigacha asosan odatdagi
ishlarimizni takrorlaymiz.
Har bir shaxsning odati o'ziga yarasha farqli bo'ladi. Shuningdek, odatlar foydali odat va
zararli odatlardan iborat. Yuqoridagi ma'nolardan xulosa shuki, inson muntazam qilib
yurgan ishlarini bajarishda qiynalmaydi. Ammo bu harakatlar qatoriga yangisi qo'shilishi va
uni amalga oshirish odatdagi ishlardan ko'ra qiyin kechishi ayni haqiqat. Tan olishimiz kerak
bo'lgan yana bir haqiqat shuki, bizdagi odatlarning hammasi ham foydali odatlar emas. Har
bir shaxsda zararli odatlar bo'lishi muqarrar. Shuningdek, bor foydali odatlarimiz bilan
kifoyalanib qolishimiz ham yaxshi emas. Umr o'tib borar ekan, biz yangi-yangi odatlarni
o'zimizda mujassam qilib borishimiz, shuningdek, yomon odatlarimizdan xalos bo'lishga harakat
qilishimiz kerak.
Muammo o'sha foydali ishlarni odatga aylantirib olishimizda. Aksariyatimiz xayrli,
manfaatli ishlarni muntazam qila olmay qiynalamiz va tabiiyki, buning yo'llarini qidira
boshlaymiz.
Foydali odatlarni kasb qilishda asosan ikki narsa tavsiya qilinadi.
Birinchisi: ularni oz-ozdan qilish.
Ikkinchisi: davomiy qilish.
Ko'pchilikda ma'lum bir ishga katta qiziqish uyg'onadi. Unga kirishar ekan, hattoki butun bir
kunini sarflashga tayyor bo'ladi. Lekin tez orada ana shu himmati pasayib ketadi va uzoqqa
bormay turib, haligi ishni to'xtatib qo'yganini ko'ramiz. Sababi esa katta hajmdagi ishdan
malollanib qolishidir.
Misol uchun, tahajjud namozini ilk o'qiganida yigirma rak'at o'qiydi. Keyinroq kamuyqulik,
birdaniga ko'p harakat qilish va tartiblarning keskin buzilishi oqibatida ko'nikma hosil
bo'lmay, charchab qoladi va bu ish tez orada og'ir keladi.
Shu sababdan ustozlar, xususan, Hazratimiz tahajjudni yangi boshlaganda dastlab ikki
rak'atdan o'qishni tavsiya qilar edilar. Bunga ko'nikma hosil bo'lganidan so'ng to'rt, olti va
sakkiz, toqati ko'tarsa, undan ko'piga, asta-sekin, bosqichma-bosqich olib chiqiladi. Zikrlar,
Qur'on tilovati, o'qish, yozish – hamma ishlarni mana shunga qiyos qilish mumkin.
Ikkinchi shart esa – davomiylik. Chunki davomiy bo'lmasa, takrorlanmaydi. Takrorlanmagan
narsa odatga aylanmaydi. Odatga aylanmas ekan, u qiyin ish bo'lib turaveradi. Misolda
keltirganimizdek, bir-ikki tahajjud o'qib qo'yib, keyin oylab tashlab qo'ygan kishi uchun bu
ibodat odatga aylana olmaydi.
Buning muqobilida yomon odatlardan xalos bo'lishda ularni birdaniga tark qilish ham mumkin
yoki ozaytirib borib, sekin-asta yo'qotish ham mumkin.
Bu go'zal ta'limotlarni bizga suyukligimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam berganlar.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: «Qanday amal Alloh uchun eng mahbubdir?» deb
so'rashdi. «Oz bo'lsa ham, davomlisi», dedilar». (Ikki shayx va Termiziy rivoyat qilganlar).
"Omina" jurnalining 2024-yil 2-sonidan olindi.