Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
Bugungi kunda farzandiga chiroyli ism qo'yishga urinishlar juda go'zal darajada. Hech kim
bugun farzandiga «moda»dan qolgan ismlarni qo'ymayapti. Har holda biz eshitmayapmiz.
Qizlarga Nargiza, Nazokat, o'g'il bolalarga Dilshod, Dilmurodlar bugunda urf emas. Bugun
Mubina, Mo'mina, Muslima, Madina, Munavvara va hokazo ismlar, o'g'il bolalarnikidan esa
biror chiroyli ismning oldiga, albatta, «Muhammad» qo'shib aytiladigani «moda»da.
Men o'z farzandlarimning do'stlari (maktabdagi) yoki guruhdoshlari (bog'chadagi)dan qiyos
qilaman: Muhammad Said, Muhammad Olim, Muhammad Ali, Muhammad Yusuf. O'zimning ikki
o'g'lim ham: Muhammad Bilol va Muhammad Kozim.
Bugungi kunda uzoq 80-yillardagi ismlar umuman qo'yilmaydi, degan e'tirofdan yiroqmiz. Chunki bu sohada maxsus izlanish olib borganimiz yo'q. Tug'ilganlik haqidagi guvohnomani
berish bo'linmasi xodimlari, menimcha, bu haqida ma'lumot beruvchi eng yaxshi kishilar bo'lishsa
kerak. Lekin hozir siz bilan bugungi kunda qaysi ismlar urfdaligi haqida emas, bugungi
kunda qo'yilayotgan ismlarning mas'uliyati haqida, aniqrog'i, Mavlid oyi bahonasida Muhammad
ismining mas'uliyati haqida so'z yuritmoqchimiz. www.siyrat.uz saytida bu ism haqida shu
ma'lumotlarni topdik: «Har bir nomning ma'nosi va ko'targan yuki bo'ladi. Xo'sh, biz sevgan
«Muhammad» ismining ma'nosi nima? «Muhammad»ning ma'nosi – to'xtovsiz, tinimsiz, hamisha
maqtaladigan, ya'ni maqtalaveradi, maqtalaveradi va yana maqtalaveradigan. Maqtovga munosib
sifatlari, maqtovli xislatlari, maqtovga loyiq amallari va taqdirlanarli ishlari juda
ham ko'p, butun fazilatlar egasi. Barcha payg'ambarlar maqtaladilar, ammo Payg'ambarimiz
Muhammad sollallohu alayhi vasallam to'xtovsiz maqtaladilar. Barcha payg'ambarlarning
maqtovga munosib sifatlari, maqtovli xislatlari, maqtovga loyiq amallari va
taqdirlanarli ishlari mavjud, Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamniki esa
hammasinikidan ko'ra ko'proqdir. Barcha payg'ambarlar fazilat egalari bo'lib, ummatlariga
namunaviy, ibratli, komil insonlar bo'lishgan, Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi
vasallam esa o'zlarida butun fazilatlarni jamlagan va qiyomatgacha keladigan butun insoniyat
uchun eng mukammal go'zal namunali Zotdirlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Albatta, mening va mendan oldingi payg'ambarlarning misoli xuddi bir uyni yaxshilab,
chiroyli qilib qurib, bir burchagida bir g'ishtning o'rnini qoldirib qo'ygan kishiga o'xshaydi.
Odamlar uni aylanib ko'rib qoyil qolishadi va: «Mana shu g'isht ham o'rniga qo'yilganida edi!»
deyishadi. Men o'sha g'ishtman, men payg'ambarlarning so'nggisiman», dedilar». Allohning eng
suyukli Payg'ambarining ismini o'z farzandimizga qalbimizga ezgu tilaklarni tukkan holda
qo'yar ekanmiz, o'zimiz ham bu boradagi hech bo'lmaganda eng kichik ilmga ega bo'lmog'imiz
lozimdir. Mini yubka kiyib olgan ona farzandini chaqiryapti: «Muhammad Said!». Bilmadim,
negadir bu holat bir necha kungacha ko'z oldimdan ketmadi. Har holda farzandlarimizning
ismlari Muhammad bo'lar ekan, suyukli Payg'ambarimizning hech bo'lmaganda bitta sifatlarini
ularda tarbiyalash nazarimda onalar mas'uliyatidir. Ammo mini yubka kiygan onada bunday
mas'uliyat bormikin? Va bu «ona» Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning
biror bir sifatlarini bilarmikan? Insonlarning eng yaxshisi bo'lgan Zotga farzandimizni
nisbat berar ekanmiz, uni bugungi kun insonlarining eng yaxshisi qilib tarbiyalashga
intilmog'imiz mantiqan to'g'ri bo'lar edi. Albatta, bir insonda jami yaxshi sifatlar
jamlanmog'i dargumon. Ammo hech bo'lmaganda bir nechtasini ularda tarbiyalash bizning,
onalarning vazifasidir. Agar farzandingizning ismi Muhammad bo'lsa, bir eslab ko'ringchi,
qachon unga siz Payg'ambarimiz haqlarida aytib berdingiz? Nega ismini bunday qo'yganingizni
o'g'lingiz biladimi? Habibimizning sifatlari bilan tanishmi? Bu sifatlar unga kelajak
hayotida qanday ta'sir etishi mumkinligidan xabardormi? Agar javoblarimizning barchasi
yo'q bo'lsa, unda bu bizning tarbiya sohasidagi eng katta xatomiz, qoldirgan bo'shlig'imizdir.
Tezda bu xatoni o'nglash, bo'shliqni to'ldirish zarur! «Britaniyadagi aholini hisob-kitob qilib
boradigan idora shuni ma'lum qiladiki, o'tgan yildan buyon Britaniya poytaxti Londonda
tug'ilayotgan bolalarning ko'pi «Muhammad» ismi bilan nomlanmoqda. Aslida bu ism bilan
nomlanganlar dunyoda keng tarqalgan, aniqrog'i o'rtacha 150 mln odam «Muhammad» ismi bilan
nomlangan. Buning sababi «Muhammad» ismi musulmonlar uchun fazilatli ism hisoblanadi.
Shuningdek, hozirgi kunda Yevropada ham ushbu ism bilan nomlanayotganlarning soni ortib
bormoqda. Xususan, Frantsiyada tug'ilayotgan chaqaloqlarning orasida mashhurdir. «Muhammad»
ismi bilan nomlanganlar Britaniya va Ispaniyada eng ko'p nomlanadigan ismlar orasida
oltinchi o'rinda turadi». (Manba: www.iqraa.com) Payg'ambarlarning so'nggisi bo'lgan bu ulug'
Zotning ismini o'z farzandiga qo'ygan kishi qanday katta mas'uliyat uning bo'yniga tushganini
bilarmikan? Yoki bugungi kunda ko'pchilik qo'yayotgani uchun shu ismni tanladimikan? Bu
liboslarning o'zgarib turuvchi modasi emas, balki ulug' baxt va shafoat umidi ekanini
bilarmikan? Albatta, ota-onalar qiyomatda o'z farzandlariga qo'ygan ismlari uchun javob
beradilar va insonlar o'z ismlari hamda otalarining ismi bilan chaqiriladilar. Bugun
farzandiga Muhammad ismini qo'yib, sal katta bo'lgach, sho'xlik qilgan bolasini qarg'ayotgan
onalar bundan qaytariq borligini bilisharmikan? O'g'liga shu go'zal ismni qo'yib, katta bo'lib
qolgan farzandlaridan uyalmay, uyga shirakayf qaytayotgan va o'g'lini shu ism bilan chaqira
turib, uni so'kayotgan otalar bu ishning hisobi qanday bo'lishini bilisharmikan? Kimgadir aql
o'rgatish fikridan mutlaqo yiroqman, ammo agar farzandingizga Muhammad ismini qo'ygan
bo'lsangiz, demak, buning shartlariga ham «chidashingiz» kerak bo'ladi. Ya'ni hadisda
aytilishicha, «Muhammad ismli farzandlaringizni so'kmangiz!» Bu qo'lingizdan keladimi? Agar
«ha» bo'lsa, nur ustiga nur, javob «yo'q» bo'lsa, iltimos, boshqa ism tanlay qoling.
Lekin bu farzandga tarbiya berish ma'nosida sal qattiq gapirish yoki yomon ish qilganda
urishish mumkin emas, degan ma'noni anglatmaydi. Shuningdek, farzand balog'atga yetganda,
(o'g'il bolalar 12 yoshda) namozga buyuriladilar. Agar ular bundan bosh tortsalar, ota-onalarga
ularga azob bermasdan, tarbiya maqsadida urishga ruxsat etilgan. Farzandimning ismi
Muhammad deb, uni o'ta erkalatib yuborish ham yaramaydi. Ammo yana bir narsani unutmaylikki,
agar Muhammad ismini qo'yishning o'zi ota va bola uchun jannatga kirishga kifoya bo'lganda,
jami musulmonlarning ismlari faqat Muhammad ismidan iborat bo'lgan bo'lardi, xolos. Biz
shafoatni va uning oqibatida jannatni orzu qilamiz, ammo harakatni ham to'xtatmaymiz.
Alloh taolo barchalarimizga, xususan, ismi Muhammad bo'lgan farzandlarimizga ham O'zi iymon
va go'zal taqvoni nasib etsin! Omin!
Ummu Muhammad Bilol