Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
Bolaligimni eslasam, ko'z oldimga rayhon iforlari taralib turgan ozoda, sarishta hovlilar
keladi. Qaysi bir xonadonga kirmang, barchasida orastalik, pokizalik hukm surardi. Ularning
shinamligini aytmaysizmi? Uy ichidan oqib o'tgan kichik ariqchalarning ikki labini to'ldirib
rayhonlar ekilardi. Qo'ni-qo'shni ayollar bir-birlarini kunda, kunora ziyorat qilishardi.
Issiq non yopdimi, darrov ikkitasini o'rab qo'shnisiga ilinardi, sigirining sutu
qaymoqlarichi... Bir kosagina moshxo'rda bo'ladimi... qanday ovqat bo'lsa ham qozonning oldini
quyib, qo'shniga uzatilardi. Taom ulashish bahona diydorlashib, suhbatlashib turishardi.
Shu xotiralarni eslarkanman, meni ikki savol qiynardi:
“Ularning vaqtlari shu darajada ko'pmidi, hamma narsaga ulgurishgan?”
“Ular shunchalar boymidi, o'ntalab bolasidan oshirib qo'shnisiga ilinishgan?”
Bu savollarimga vaqti-soati kelib javob topayotgandekman. Qanday qilib deysizmi?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning siyratlarini o'qib, o'rganarkanman, qiynagan
savollarimga javob topa boshladim: bilsam, mehri daryo, bag'rikeng buvilarimiz har hollari
bilan sunnatga amal qilishgan ekan...
O'zaro hadya va taom ulashish qo'shniga yaxshilik qilishdan ekan. Abu Zarr roziyallohu anhu
aytadilar: “Suyukli Payg'ambarim menga buyurganlar: “Sho'rva qaynatsangiz, suvini
ko'paytiring, so'ngra qo'shnilaringiz ahliga qarab, yaxshilik – saxovat bilan undan suzib
bering” (Imom Muslim rivoyati).
Sunnatga muvofiq hayot kechirishgani uchun ham Alloh taolo ularga barokatlar berib qo'ygan
ekan. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar: "Mening gapimni
eshitib, singdirib, yodlab, so'ngra yetkazgan odamni Alloh ne'matlantirsin" (Imom Ahmad
rivoyat qilgan).
So'zim avvalida bejiz rayhonlarni eslab o'tmadim. O'zining hovlisida barq urib rayhonlari
o'sib turganiga qaramay, qo'shni ayol uzatgan bir tutam sadarayhonlarni qulog'iga qistirib
olgan nur yuzli buvilarimiz shu hollarda ham juda go'zal sunnatga amal qilishgan ekan.
Abu Usmon Nahdiy Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: "Agar
birontangizga rayhon berilsa, uni rad etmasin.Chunki u jannatdan chiqqan".
Mana baraka qaerda? Baraka, ne'matlar eshigi sunnatga ergashishda, unga ixlos bilan amal
qilib, targ'ib qilishda ekan...
Baxtixon Sharipova