19.09.2024
1685

Turmushda baxtli bo'lishni xohlaysizmi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
Muslimaat.uz saytida e'lon qilingan yillik tanlovdan

Turmushda baxtli bo'lishni xohlaysizmi?
Turmushdagi eng ustuvor omil ishonchdir. Istanbul shahri Uskudar Universiteti shifoxonasi mutaxassisi, psixolog Ihsan O'ztekin ishonch tuyg'usi baxtli turmushning asosi ekanligini ta'kidladi.
Turmush o'rtog'ingizga befarq emasligingizni va uni sevishingizni his qildiring. Buning uchun ko'p narsa talab qilinmaydi. Kun davomida qiladigan iltifotlaringiz, chiroyli muomalangiz unga o'zini boshqacha his qilishi uchun yetarlidir. Turmush o'rtog'ingizga e'tiborli bo'ling. Uning sochini bo'yaganini, ozganligini, siz uchun qilgan arzimas ishlarini ham e'tiborga oling va taqdirlang. Yaxshi tinglovchi bo'ling. Muvaffaqiyatli turmush yo'li yaxshi suhbatlardan o'tadi. Qo'shilmasangiz ham, uning fikrlariga hurmat ko'rsating va oxirigacha tinglang. Aytmoqchi bo'lganlaringizni boshqa tomonga burmasdan, ochiq va ravon ifoda qiling. O'zaro yaqin do'st bo'ling. Turmush faqatgina birga yashashdan iborat emas. Orangizda masofa bo'lsa ham, har qanday qiyin paytlarida ruhan yonida bo'ling. Shunda u qaerda bo'lsa, siz ham o'sha yerda bo'lasiz. Dunyodagi hech bir narsa siz uchun turmush o'rtog'ingizdan ko'ra qadrliroq bo'la olmaydi.
Oilaviy yangiliklar qilib turing. Turmushingizni bir xillikdan qutqarish uchun vaqtni mazmunli o'tkazish juda muhimdir. Buning uchun imkoniyatlaringiz ustida izlanib ko'ring. Kutilmagan kichik sovg'alar tayyorlang. Ikkovingiz uchun ham qiziq bo'lgan ishlarni birgalikda bajaring. Jahlingiz chiqqanida g'azabingizga yengilmang. Tin oling, turgan joyingizni tark eting, yuvining yoki mizg'ib oling. Janjallarni buzg'unchilikka emas, yaxshilikka yo'ying. O'zingizni uning o'rniga qo'ying va muammoga yaxshi tomondan qarang. Turmush o'rtog'ingizga qilgan salbiy munosabatingiz keltirgan zarar aslida oilangiz uchun bo'lishini unutmang.
Tushunmovchiliklarni bartaraf etish emas, ularni hal etish jarayonidagi munosabatning eng zararsiz usulini qo'llash muhim ekanini yodda tuting. Bir-biringizga nisbatan bo'lgan e'tiborsizlikning sabablarini izlang. Rashk, doimo birga bo'lish, moddiy muammolar, farzandlarga ko'proq e'tibor qaratilishi, turmushdagi mas'uliyatlarning ko'payishi va turli mashaqqatli kutishlar juftlarning bir-biriga bo'lgan e'tiborini kamaytirishi mumkin.
Hayotingizni farzandlar uchun o'zgartirib, chegaralamang. Juftlardan biri farzandlarini haddan ortiq yaxshi ko'rsa, turmushning muvozanati buzilishi mumkin. O'zingizga ham vaqt ajrating. Munosabatlarda shaxslarning o'ziga vaqt ajratishi ham juda muhimdir. Ammo birgalikda va alohida-alohida o'tkazadigan vaqtlaringiz borasida hamfikr bo'ling.
Turmush o'rtog'ingizning oilasi bilan bo'lgan munosabatiga aralashmang. Ularni borib ko'rishi, ularga vaqt ajratishi kerak bo'lganida buni tushunishga harakat qiling. Oila a'zolaringizning yonida bir-biringizni muhokama qilmang, ayblamang. Turmush o'rtog'ingizning oilasi bilan orangizda muammolar bor deb hisoblasangiz, oilasini ayblaydigan, haqorat qiladigan so'zlar ishlatmasdan, bu muammoni turmush o'rtog'ingiz bilan
muhokama qiling. Muammolarni birgalikda hal qilishga harakat qiling yoki turmush o'rtog'ingiz hal qilishi uchun imkon bering.
Oilangiz bilan turmushingiz orasiga chegara qo'ying. Sizning oila a'zolaringizning turmushingizga aralashishlariga, sizning nomingizdan qaror qabul qilishlariga yo'l qo'ymang.
Turmush o'rtog'ingizning o'tmishi bilan bog'liq muammolarni, xatolarni dam-badam yuziga solib, hayotini so'roqlab, turmushingizni zaharlamang. Ruhiy va jismoniy salomatligingiz haqida gaplashing. Boshingizdan o'tgan tushkunlik, voz kecholmagan (sigaret, spirtli ichimlik, qimor) yomon odatlaringiz borasida rostgo'y bo'ling. (Bunday mavzularda turmush qurishdan avval gaplashgan ma'qul, chunki keyinroq yuzaga chiqsa,
ko'p dilxiraliklarga sabab bo'lishi mumkin). Turmushingizdagi muammolarni hal qilishga qiynalsangiz, mutaxassisga murojaat qilishdan va oilaviy psixologik muolaja olishdan uyalmang. Muammolaringizni birga hal
qilolmasligingizga ko'zingiz yetgan vaqtda bunday yordam olishingiz foydaliroq bo'ladi.
Turk tilidan Atabaeva Nargiza tarjimasi.

https://muslimaat.uz/maqola/36509

Yangiliklar

@Muslimaatuz telegramiga obuna bo'ling va "Muslimaat" onlayn radiomizni biz bilan birgalikda tinglang!


13.12.2024
787