15.09.2024
1260

Siyratni o'rganamiz

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ismlari 
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bir necha ismlari bor. U zot alayhissolatu vassalom shunday deganlar: «Men Muhammadman. Men Ahmadman. Men Mohiyman, Alloh men bilan kufrni o'chiradi. Men Hoshirman, odamlar
oyoqarim ostida to'planadi. Men Oqibman, mening ortimdan nabiy kelmaydi».
Boshqa bir rivoyatda «Men Muqaffiyman, Tavba payg'ambariman, Rahmat payg'ambariman», deyilgan. «Sahihi Muslim»da «Malhama payg'ambariman», deyilgan. Alloh taolo u zotni O'zining aziz Kitobida bashir (bashoratchi), nazir (ogohlantiruvchi), sirojun-munir (nurli chiroq), rouf, rohim, rohmatan lil olamin (olamlarga rahmat), Muhammad, Ahmad, Toha, Yosin, muzzammil, muddassir, abd deb atagan. Abd ismi U Zot taoloning ushbu oyatidan olingan:
«Bandasini kechasi Masjidul- Haromdan atrofini barakali qilganimiz Masjidul-Aqsoga mo''jizalarimizni ko'rsatish uchun sayr qildirgan Zot pokdir. U Zt eshitguvchi, ko'rib turguvchidir» (Isro surasi, 1-oyat).
Alloh subhanahu va taolo ushbu oyatda u zotni Abdulloh (Allohning bandasi) deb tilga olgan: «Allohning bandasi Unga ibodat qilib turganida ular uning atrofida otning yolidek to'planib, bosib yuboray deyishdi» (Jin surasi, 19-oyat). Madhi ulug' bo'lgan Zot ushbu qavlida u zotni ogohlantiruvchi deb atagan: «Men ochiq-oydin ogohlantiruvchiman», degin» (Hijr surasi, 89-oyat).
Quyidagi oyatda ismlari muqaddas Zot O'zining Rasulini muzakkir (eslatuvchi) deb atagan: «Eslatgin, chunki sen eslatuvchisan, xolos» (G'oshiya surasi, 21-oyat). Bundan boshqa ismlar ham zikr qilingan bo'lib, ularning aksari sifatlardir.
Fathuddin Abulfath Ya'muriyning «Nurul-uyuun» kitobidan Odinaxon Muhammad Sodiq tarjimasi

https://muslimaat.uz/maqola/38031

Yangiliklar