24.08.2024
1007

Alloh taolo duolarini eshitgan ayol

Odinaxon Muhammad Sodiq


Yangiliklar

@Muslimaatuz telegramiga obuna bo'ling va "Muslimaat" onlayn radiomizni biz bilan birgalikda tinglang!


03.09.2024
577

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Bugun, quyosh chiqqani hamon, biz musulmon taqvimining eng ahamiyatli oyi – Rabiul avvalga kirib kеldik. Islom tarixida ushbu muqaddas oyda butun ummatimiz uchun eng ahamiyatli voqеa – Alloh yaratgan barcha maxluqotlarning eng sharaflisi va mahbubi, U Zotning huzurida eng mukarrami va azizi, bizning sеvimli payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam tug‘ilgan – Mavlid oyidir.
Rabiul avval bu – Allohning marhamati bilan mukammal ko‘rinishda butun insoniyatga islom dinini tarqatgan, butun insoniyatga Yaratguvchining eng oxirgi Elchisini hadya etgan oy. 40 yildan kеyin Alloh taolo Payg‘ambar mavqеini ato etgan go‘dak Muhammad 571 yil Rabiul avval oyining 11 va 12 kuni o‘rtasida tug‘ilgan, dеb hisoblash qabul qilingan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu dunyoni tark etishlari ham shu oyda ro‘y bеrgan. Biz bugun kutib olgan ushbu muqaddas oyda musulmonlar uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan yana bir qator voqеalar yuz bеrgan. Bu, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hijratga yo‘l olganlari, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning qizlari Ruqayya roziyallohu anhoning tug‘ilishlari, birinchi masjidning bunyod etilishi va birinchi juma namozining o‘qilishidir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tug‘ilishlari insoniyatga hadya etilgan Alloh taoloning eng buyuk marhamatlaridan biri hisoblanadi. Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi: «(Ey, Muhammad) Biz sеni faqat olamlarga rahmat qilib yubordik» («Anbiyo» surasi, 107-oyat). Shuning uchun Rabiul avval oyi Alloh taoloning bu buyuk nе'matiga salovotlar aytish oyi hisoblanadi. Rabiul avval oyi davomida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayot yo‘llari haqida ma'ruzalar qilish, Rasuli Akramni ulug‘lab salavotlar aytish bilan majlislar o‘tkazish qabul qilingan. Axir Alloh taoloning o‘zi «Ahzob» surasining 56-oyatida bizlarni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sharafiga salovot aytishga chaqiradi «Albatta, Alloh va Uning farishtalari Payg‘ambarga salovot ayturlar. Ey iymon kеltirganlar! Siz ham unga salovot ayting va salom yuboring». Ushbu oyni o‘zingiz uchun o‘zgacha qiling: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning siyratlari, ularning yaxshi fazilatlarini o‘rganing, ularning hadislarini o‘qing, ko‘p salovotlar ayting, kundalik hayotingizning har bir sohasida sunnatga jon baxsh etib, ibodatlaringizni ziyoda qiling.

Islom.uz portali tahririyati

05.09.2024
893

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.

Alloh taolo marhamat qiladi: “Alloh Payg'ambarlardan: “Sizlarga kitob va hikmat berganim uchun ketingizdan sizlardagi narsani tasdiqlovchi payg'ambar kelganda, albatta, unga iymon keltirasiz va yordam berasiz, deb ahdu paymonlarini olib turib: “Iqror bo'ldingizmi? Bu haqda ishonchli ahdu paymonimni qabul qildingizmi?” deganini esla. Ular: “Iqror bo'ldik”, deyishdi. U: “Bas, guvoh bo'linglar, men ham guvoh bo'luvchilardanman”, dedi” (Oli Imron surasi, 81-oyat).

Ba'zi tafsirchi olimlarimiz ushbu oyatdagi “Sizlardagi narsani tasdiqlovchi payg'ambar” deganda Muhammad sollallohu alayhi vasallam nazarda tutilishini ta'kidlashgan. Ali ibn Abu Tolib va Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan quyidagi hadisda ham yuqoridagi ma'no tasdiqlanadi: “Alloh payg'ambarlardan har birini yuborishdan oldin, albatta, undan “Agar Alloh Muhammad alayhissalomni payg'ambar qilib yuborganda u tirik bo'lsa, albatta, unga iymon keltirish va yordam berish haqida ahdu paymon oldi. Hamda uni o'z ummatidan Muhammad alayhissalom payg'ambar etib yuborilganlarida tirik bo'lsalar, u kishiga, albatta, iymon keltirish va yordam berish haqida ahdu paymon olishga buyurdi”.

Demak, Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning shonu sharaflari, fazilatlari barchadan va hattoki boshqa payg'ambarlardan ham yuqori ekan.

Hasson ibn Sobit roziyallohu anhu: “Ko'zlarim sizdan yaxshirog'ini hech qachon ko'rmagan. Hech bir ayol sizdan go'zalroq zotni dunyoga keltirmagan. Siz hech bir nuqsonsiz, xuddi o'zingiz xohlaganingizdek yaratilgansiz”, deb haq gapni aytganlar.

Darhaqiqat, hech bir kishi Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan ko'ra yaxshiroq insonni ko'rmagan. Ali roziyallohu anhu aytganlaridek: “Undan oldin ham, undan keyin ham unga o'xshashini hech qachon ko'rmaganman”.

Keling endi, Habibimizning ba'zi fazilatlariga to'xtalsak:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning har bir harakatu sakanotlari, axloqlari oliy darajada edi. U Zot alayhissalotu vasallom garchi eng oliy fazilatlarga ega bo'lsalar ham, insonlarning eng hokisori va kamtari edilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam doim ochiq chehrali edilar. Ta'riflarga ko'ra, muborak yuzlarida har doim go'zal tabassum bo'lar va boshqalarning ham tabassumiga sababchi bo'lar edilar. Kulgilari esa judayam mayin, lekin salobatli edi. Kulganlarida ba'zan oziq tishlari ham ko'rinib ketar edi. U zot alayhissalom bilan suhbatdosh bo'lganlar “Rasulullohga eng suyukli inson men bo'lsam kerak”, deb o'ylardi.

Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qachon Allohning rahmati haqida gapirsalar, yuzlaridan nur yog'ilib ketar ekan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning boshqalarga nisbatan odob va ehtiromlari ham tahsinga sazovor edi. Sohibining yuziga qarardilar va hijolatga qo'ymaslik uchun bir fursatdan so'ng pastga qarab olar edilar. Lekin suhbatdoshlarining o'zlarining nazarlariga chanqoq ekanligini sezsalar, biroz muddat nazarlarini yuzida ushlab turar edilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga murojaat qilinsa, sohibiga faqatgina boshlarini burib emas, balki butun tanalarini unga qaratib, bor diqqat va e'tiborlarini baxsh etardilar va so'zlarini oxirigacha eshitib turardilar. Agar qo'l berib ko'rishsalar, diqqati
faqat sohibida ekanini izhor etish uchun u qo'lini tortgunicha ushlab turardilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o'zlari yoqtirgan yoqut toshli bir uzuklari bor edi. Bir safar sahobalar bilan suhbatlasha turib ikki marta shu uzukka qaradilar va bundan biroz jahllari chiqib, o'sha uzukni qo'llaridan yechib, otib yubordilar. Aytdilarki: “Siz bilan suhbatlashayotgan paytimiz bu uzukka ikki marotaba qaradim. Sizlarni suhbatingizdan chalg'itgani uchun uni otib yubordim”, dedilar.

Biror kishiga murojaat qilsalar, hech qachon barmoqlari bilan ko'rsatmas edilar, bu ayblov yoki do'q-po'pisaga o'xshab qolishidan ehtiyot bo'lardilar, butun kaftlari bilan murojaat qilar edilar.

Biz muhiblar har lahza Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak yuzlarini bir bor ko'rishga, beqiyos tabassumlariga va purma'no kalomlariga qanchalar mushtoqmiz...
Ortlarida namoz o'qishdan, birga ro'za tutishdan, Hayit ayyomlarini birga nishonlashdan, u zotdek murabbiy va do'stimiz bo'lishidan, xonadonimizda mehmon qilib, xos suhbatlar qurishdan qanchalar zavqlangan bo'lar edik...
Quvonarlisi shundaki, abadiy hayot bo'lmish oxirat diyorida Habibimiz bilan birga bo'lish uchun hozir qo'limizda imkoniyatlarimiz juda ko'p. Zero, kimning xulqiy sifatlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga o'xshab borar ekan, u shunchalik komillik darajalariga erisha boradi, sunnatga qanchalik ko'p ergashsa, u zot alayhissalomning shafoatlariga erishish imkonlari shunchalik oshib boradi. Habibimizga qanchalar ko'p salavotlar yo'llasak, u zot alayhissalotu vasallom xulqlaridan shunchalar ko'p nasibador bo'lar ekanmiz. Alloh taolo Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga ergashib ibodatda va go'zal xulqda hayot kechirishimizni barchamizga nasib aylasin. Zero, Alloh subhanahu va taolo O'zining mo''jizaviy kalomida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni “Va, albatta, Siz buyuk xulq uzradirsiz”, deb e'tirof qilgan.
Vassalamu alaykum va rohmatullohi va barokatuh.

Muqaddas Rashidova

13.09.2024
560