Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
Ozoda xolaning to'y
boshlagani hammani quvontirdi. Qo'shnilar birin-ketin muborakbod etishardi.
“To'y qachon?”
“Voy, mahallamizda to'y? Qachonga? Bexabar qolibman”.
“To'yni tezroq boshlang, zerikib
qoldik”,
“Ozodaxon, o'zim “Tanovar”ga tushaman-a?!”
Qo'shni ayollarning chaq-chaqlashib
kulishlari havasimni keltirdi.
“Bizni ham shunday to'ylarga yetkazsin”, deyman pichirlab.
Shu on Ozoda xolaning “Bu oy safar oyi ekan. Safar oyida to'y qilib bo'lmaskan. Bir oy chidab
turinglar, keyingi oy qilamiz”, deyishi bir zumda shirin xayollarimni uchirib yubordi.
“Yaxshi ishni kechiktirib bo'lmaydi... Soraxonni eslang...”
“Safar bo'lsa, bo'laversin,
shumlanmang!”
“Hamma yoq tayyor bo'lsa, safar oyi uchun kechiktirishingiz yaxshimas”.
Hali u
ayol, hali bu ayol u dedi-bu dedi, ammo baribir Ozoda xola qaysarligi tutib, gapida turib
oldi.
“Sizlar ham meni avrayvermanglar. Uydagilar ham, o'g'lim ham shunaqa degani, degan.
Men safar oyida to'y qilmayman. Soraxonni gapirmanglar menga. U o'ziga o'zi qildi. Ana,
Manzuraxon o'tgan yili safar oyida to'y qilgandi. Nima bo'ldi? Bir yilga bormay, er-xotin
ajrashib ketdi... Avvalgilar bir narsani bilmasa aytishmaydi. Safar oyida to'y qilish
bexosiyat ekan...”
Yoshman. Kattalarning gapiga qo'shilolmay, ularni jimgina kuzataman.
Ozoda xola o'zi tengi dugonalarining gapini olmaganda, mening gapimni olarmidi?! Siz Sora
xolaga nima bo'lgan, deysizmi? Sora xola ham Ozoda xolaga o'xshab irimchiroq, qaysarroq edi.
To'y boshlashga boshlab qo'ydi-yu, ammo hali safar oyi keldi, hali u kam, bu kam deb, to'yni
orqaga suraverdi. Kelin bo'lmish qiz ham aynib, chet elga o'qishga ketib qoldi. Qo'shnilar
intiqib kutgan to'y bir yildan keyin bo'ldi. Safar oyida irim qilmagan Manzura xola-chi,
deysizmi? Uning kelini tutqanoq kasaliga chalingan ekan. Shuning uchun er-xotin yaxshilikcha
ajrashishgan edi.
Afsuski, oramizda Ozoda xola va Sora xolalar juda ko'plab topiladi.
Ular va ularga o'xshagan ayollarimizning shumlanishi, irim-sirimi tufayli safar oyiga to'g'ri
kelgan ko'plab xayrli ishlar keyingi oyga kechiktiriladi.
Bu iddaolarning asli qanday?
Keling, dinimizda safar oyi haqidagi ma'lumotlarni o'rganib chiqamiz.
Safar oyi
hijriy-qamariy taqvim bo'yicha yilning ikkinchi oyidir. Islom dini kelgach, johiliyatning
barcha johilliklarini isloh qildi. Jumladan, turli oy va kunlarga oid johilliklarini
ham.
“Safar oyida nikoh to'yi yoki unashtiruv marosimini qilib bo'lmaydi. Agar shunday
qilinsa, kelin-kuyov baxtsiz bo'ladi. Ularning boshiga kutilmagan balo keladi” .
“Ayoli
bilan birga oilaviy hayotni boshlab bo'lmaydi”.
“Bu oyda safar qilinmaydi, agar shunday
qilinsa, safar qiluvchi albatta qandaydir falokatga uchraydi”.
“Safar oyida yangi ish
boshlab bo'lmaydi”.
Dinimiz barcha noto'g'ri e'tiqodlar qatori bunday xurofiy fikrlarni ham to'g'riladi. Bu oyning nikohga ham, safarga ham, yangi ishlarga ham hech qanday aloqasi
yo'qligi isbotlandi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu
alayhi vasalam: «Kasallik yuqishi yo'q, qush-la fol ochish yo'q, boyqush yo'q va safar yo'q. Va
moxovdan xuddi arslondan qochganingdek qochgin», dedilar» (Imom Buxoriy rivoyat qilgan).
Ushbu hadisda johiliyatning to'rtta johilligi inkor qilinmoqda. Shulardan biri, «safar
yo'q». Johiliyat ahli u oyda safar qilib bo'lmaydi, u bo'lmaydi, bu bo'lmaydi, deyishar edi.
Islom oylarning hammasi Alloh taoloning oylari, kunlarning hammasi Alloh taoloning
kunlari ekanini e'lon qildi.
Dinimizda aynan shu oy haqidagi johiliyat ahlining bid'at-
xurofotlariga qarshi ko'plab xayrli ishlar amalga oshirildi. Bu oy «Safarul xayr» – «Safar yaxshilik» deb nomlandi. Ko'pgina ishlar aynan safar oyida boshlandi. Masjidi Nabaviyning
qurilishi birinchi hijriy sananing aynan safar oyida bo'ldi. Musulmonlar xuddi boshqa
oylardagi kabi safar oyida bemalol safarlarga chiqdilar. Payg'ambar alayhissalom shu oyda
safarga chiqib, Haybarni fath qildilar. Musulmonlar bu oyda nikohlarini o'tkazdilar.
«Tuhfatul Muhtoj fii sharhil Minhoj» kitobida keltirilishicha, Payg'ambarimiz
alayhissalom aynan safar oyida qizlari Fotima roziyallohu anhoni Ali roziyallohu anhuga
nikohlab berdilar.
Shuni ham ta'kidlash lozimki, oy nomi «safar» emas, “Sofar”dir, ya'ni
sod harfi bilan yoziladi. O'zbek tilidagi safar ma'nosini anglatmaydi.
Maqola so'ngida
Payg'ambarimiz alayhissalomning bir muborak hadisi shariflari yodimga tushdi: “Uch narsadan
ummatim hanuz (hech ham) qutula olmaydilar. Bu hasad, badgumonlik, irimdir. Shu narsalardan
qutulish yo'li shuki, hasad qilsangiz, zulmga o'tmang, gumonu shubha qilsangiz, uni haqiqat
hisoblab, unga asoslanib ish tutmang, biror irim qilinadigan narsaga duch kelsangiz, Alloh
taologa tavakkul qilib, yo'lingizda va ishingizda davom etib ketavering!” (Abu Ya'lo rivoyat
qilgan).
Siz ham birodar, “...biror irim qilinadigan narsaga duch kelsangiz, Alloh taologa
tavakkul qilib, yo'lingizda va ishingizda davom etib ketavering!”
RAYHONA tayyorladi.