08.07.2024
1082

Muharram oyining fazilati

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.

Butun maqtovlar olamlar Robbisi Allohga xosdir. Unga hamdu sanolarimizni yo'llaymiz, Uning O'zidan madad so'raymiz, Undan gunohlarimizga mag'firat tilaymiz. Nafslarimizning yovuzliklari-yu amallarimizning yomonlaridan Allohning panohiga qochamiz. Alloh kimniki hidoyat qilar ekan, bas, uni adashtirguvchi yo'qdir. Kimniki adashtirar ekan, bas, ortiq uni hidoyatga yo'llaguvchi yo'qdir. Guvohlik beramanki, Allohdan o'zga iloh yo'q, U yolg'iz, Uning sherigi yo'q, Muhammad Uning bandasi va payg'ambaridir…
Har bir banda bu dunyoga nima uchun kelgani, nima maqsadda yaratilganini anglashi zarur. Bu masalaning yechimini Qur'on va hadisdan topish hech kimga sir emas. Albatta, Alloh taolo bandalarini O'ziga ibodat qilishlari uchun yaratdi. Alloh taolo Qur'oni Karimda shunday marhamat qiladi: «Men insonlar va jinlar toifasini faqat O'zimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim!» (Zariyot surasi, 56-oyat.)
Demak, bizning eng ustuvor maqsadimiz Allohgagina ibodat qilish bilan rizosi va ne'matlariga erishish, g'azabi va azobidan najot topishdir.
Shu gardanimizdagi ibodatni baholi qudrat bajarishimiz uchun Alloh taolo bizlarga ma'lum oylarni g'animat qilib berdi. Robbimiz ma'lum kunlarni toat mavsumlari etib tayinlar ekan, bu mavsumlarning fazilati, hurmati va muqaddasligini boshqa vaqtlardan ziyoda qildi. Bunday mavsumlarda solih amallarga bel bog'laydigan sohibhimmat bandalarning darajalari oshiriladi, hasanotlari ziyoda qilinadi va, inshaalloh, ular dunyo-yu oxiratda baxtu saodatga erishadilar.
Albatta, mo'min banda mana shu oylardan iloji boricha foydalanib olmog'i lozim. Alloh taolo marhamat qiladi: «Albatta, Allohning nazdida oylarning sanog'i Alloh osmonlaru Yerni vujudga keltirgan kuni O'z huzuridagi kitobda (yozib qo'yganidek) o'n ikki oydir. Ulardan to'rti (urush) harom qilingan (oylar)dir. Mana shu to'g'ri Dindir. Bas, u oylarda (ma'siyatlar qilish va ularning hurmatini buzish bilan) o'z jonlaringizga zulm qilmangiz!» (Tavba surasi, 36-oyat.)
Va biz shu mavsumlardan biriga, ya'ni Muharram oyiga kirib keldik. Muharram oyi Umar roziyallohu anhu tomonidan hijriy oylarning avvalgisi qilib belgilangan, shuningdek, urush harom qilingan muqaddas to'rt oyning biridir.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qildilar: «Albatta, zamon Alloh taolo osmonlar va Yerni yaratgan kundagi holatidek aylanib chiqdi. Bir yil o'n ikki oydir. Ulardan to'rttasi harom oylardir. Uchtasi paydar-pay keluvchi Zulqa'da, Zulhijja va Muharramdir hamda (qolgan biri esa) Jumadul oxir va Sha'bonning orasidagi Muzarning Rajabidir» (Imom Buxoriy rivoyati).
Muharram oyida tutiladigan ro'za Alloh taoloning bandalariga bergan katta fursatlaridan. Bandaning Muharram oyiga yetib kelishi – Alloh taolo tomonidan belgilangan taqdir, ya'ni Allohdan bo'lgan bir ne'mat. Shuning uchun Muharram oyida nafl ro'za, nafl ibodat va solih amallarni ko'paytirishga yeng shimaraylik, uning ichida joylashgan durdek qimmatli va ulug' kun – Ashuro kunini g'animat bilaylik.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar: «Ramazondan keyin ro'zalarning eng afzali Allohning Muharram oyi(da tutilgan ro'za)dir, farz namozidan keyingi eng afzal namoz esa tungi namoz – tahajjud namozidir» (“Sahihi Muslim”).
Shu o'rinda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Muharram oyining ro'zasini mutlaq fazilatli deb bayon qildilar. Bu hadisda ro'za qaysi kunda tutilishi bayon qilinmagan. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ramazon oyidan boshqa oylarda to'liq ro'za tutmaganlar, shuning uchun Muharram oyining hammasida ro'za tutishlik joiz emas. Bu oyda nafl ro'za tutishlik Ramazondan keyingi eng afzal ro'za hisoblanadi. Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadilar: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelib, yahudiylarning Ashuro kunida ro'za tutayotganlarini ko'rganlarida ulardan «Bu qanday kun?» deb so'radilar. Ular javob berishdi: «Bu shunday yaxshi kundirki, bu kunda Alloh Bani Isroilni dushmanlaridan qutqargan. Bas, shu bois Muso bu kunda ro'za tutgan». Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Bas, unday bo'lsa, sizlardan ko'ra ko'proq men Musoga (yaqin bo'lishga) haqliroqman», dedilar va u kunda ro'za tutib, odamlarni ham uning ro'zasini tutishga
buyurdilar» (Imom Buxoriy rivoyati). Ma'lum bo'lishicha, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ashuro kunining ro'zasini to ularga Ramazon oyining ro'zasi farz bo'lmagunga qadar farz darajasida tutar edilar. Ramazon oyining ro'zasi farz bo'lgandan keyin bu ro'zani farz e'tiqodida tutishlikni tashladilar.
Yana bu oyning fazilati borasida Nabiy sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar: «Arafa kunida tutilgan ro'za bir yil oldingi va bir yil keyingi gunohlarga kafforat bo'lishini Allohdan umid qilaman. Ashuro kunining ro'zasi esa, Allohdan umid qilamanki, bir yil oldingi gunohlarga kafforat bo'lajak» (Muslim rivoyatlari).
Birgina kunning ro'zasi bilan yil bo'yi qilingan kichkina gunohlarning o'chirib yuborilishi Parvardigorimizning bizlarga nisbatan nechog'li marhamatli Zot ekanidan darakdir. Bu kunning ro'zasi juda katta ajrga ega. Mazkur amal kichkina amal bo'lmagani uchun mo'min kishi iloji boricha bu kunning ro'zasini tutishga bel bog'lashi kerak. Ushbu oyda ro'za tutishdan dangasalik qilish esa yaxshi emas.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam Ashuro kunida ro'za tutib, boshqalarni ham shunga buyurganlarida u kishiga «YO Rasululloh, bu kun yahudiy va nasroniylar ulug'laydigan kun», deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kelgusi yil kelsa, inshaalloh, to'qqizinchi kunni (ham) tutamiz», dedilar. Biroq kelasi yil kelguncha u zot sollallohu alayhi vasallam vafot qildilar» (Muslim rivoyati).
Imom Navaviy aytadilar: «Imom Shofe'iy hamda u kishining as'hoblari, Imom Ahmad, Is'hoq ibn Rohavayh va boshqalarning so'zlariga ko'ra, o'ninchi kunga qo'shib to'qqizinchi kunda ham ro'za tutish mustahab ko'riladi. Chunki Nabiy sollallohu alayhi vasallam o'ninchi kunda ro'za tutganlar va to'qqizinchi kunda ham ro'za tutishni niyat qilganlar».
Shunga ko'ra, Ashuro kuniga qo'shib to'qqizinchi kun ro'zasini ham tutish xush ko'riladi. Buning hikmati borasida ulamolardan kelgan rivoyatlarning eng kuchlisi Ashuro kunida yahudiy va nasroniylarga muxolif yo'l tutishdir.
Alloh taolo barchamizga O'zi buyurganidek amallarni ado qilishimizni nasib etsin!

Dilorom tayyorladi

Yangiliklar

@Muslimaatuz telegramiga obuna bo'ling va "Muslimaat" onlayn radiomizni biz bilan birgalikda tinglang!


13.12.2024
820