Ilova haqida

Ushbu dastur sizni fazilatli Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari asos solgan va u zotning arjumandlari - qizlari Odinaxon Muhammad Sodiq rahbarlik qilayotgan «Muslimaat.uz» saytiga oid ma’lumotlar olamiga olib kiradi. Dasturdan aziz muslima opa-singillarimiz uchun kundalik hayotda kerak bo‘lib turadigan  namoz va ro‘za taqvimi, qibla yo‘nalishi, Muslimaat.uz sahifasi, Savol-Javoblar bo’limi, Media bo’limi, Tasvir, «Omina»  elektron jurnali kabi foydali onlayn xizmatlar o‘rin olgan. Shuningdek, dastur yordamida Muslimaat.uz  saytidan olingan eng so‘nggi ma’lumot va yangiliklardan xabardor bo‘lib turishingiz imkoniyatiga ega boʻlasiz. Dastur orqali savollar.muslimaat.uz sahifasidagi savol-javoblarni kuzatib borishingiz, shuningdek, ilova orqali savollaringizni yo’llashingiz ham mumkin.

«Muslimaat.uz» dasturi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining ulkan ilmiy merosini o‘rganish va o‘rgatishda Sizga eng yaqin yordamchi bo‘ladi deb umid qilamiz.
*Muslimaat.uz ilovasi doimiy tarzda siz azizlarning takliflaringizni inobatga olgan holda yangilab boriladi. Fikr va mulohazalaringiz bo’lsa kiritib boring.

Yangiliklar

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.

Endi, savol: nega Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «muborak Ramazon oyi kelsa va unga yetishish nasib qilsa», degan umid bilan uni mushtoq bo'lib kutyaptilar? Sababi, Alloh taolo
Ramazonni O'zining oyi qilgan. Biz narsa-hodisalarning zohirinigina ko'ramiz (asliyatidan bexabarmiz).

Ramazon xususida bilgan-o'ylaganlarimiz ham zohiriydir. Uni faqat ro'za oyi deb bilamiz. Unda kunduzi yeb-ichilmaydi, kechasi tarovehlar o'qiladi, deb bilamiz. Bo'ldi, shu xolos. Bu
gaplar ham to'g'ri, lekin shuning o'zi bilan ish tugamaydi. Balki, ro'za bo'lsin, tarovehlar bo'lsin yoki muborak Ramazonning boshqa bir ibodati bo'lsin barcha-barchasi boshqa bir ulkan narsaning alomatidir. U ham bo'lsa, Alloh taolo bu oyni O'zining oyi qilganidir. Odamlar o'n bir oy mol-dunyoning yugur-yugurlari ila mashg'ul bo'ladilar va Allohdan uzoqlashadilar, dunyo
ishlariga o'ralashib qoladilar, g'aflatga mubtalo bo'ladilar. Shunday bir paytda Alloh bizga bir oygina Ilohiy dargohga yaqin bo'lishi, g'uboru dog'lardan hayotini, borlig'ini, qalbini
poklab olishi uchun barakotlarga burkangan oyni - O'zining oyini ato etadi. Rabbimizdan juda uzoqlashgan, dunyoning yumushlariga o'ralashib qolgan edik. O'yimiz, fikrimiz, xayolimiz,
amalu fe'llarimiz barchasi dunyoning tashvishlari ila band bo'lib, bandalik maqomimiz yo'qolayozgan edi. Ana shunday behuzur bir paytda Olamlar Rabbi bizga saodat oyini ato
etmoqda. Endi, biz bu oy sari oshiqib, shavq ila kutib olmog'imiz, uni bekamu ko'st o'tkazish uchun bor vujudimiz bilan harakat qilmog'imiz lozim. Shundagina bizda Allohga qurbat hosil
bo'ladi. Shu oyda qurbat hosil bo'lmasa, boshqa oylarda juda dushvor. Chunki bu oy Uning oyidir.

Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniyning «RAMAZONNI QANDAY O'TKAZAMIZ?» kitobidan.

24.03.2024
1072

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.

Er va xotin o'ttiz yil birga hayot kechirdilar. O'ttiz yillik hayoti davomida ayol har kuni ertalab shirmon non yopar edi. Shirmonning chekka qismi yog'li bo'lganligidan bu erimga
munosibroq, degan fikrda doimo o'rta qismini olib qolib, chekkasini eriga taqdim qilar edi. O'ttiz yil davomida shu odatni tark etmadi. O'ttiz yillik baxtli hayotlarining bir tongida
ayol odatdagidek shirmonning o'rtasidan kesib, ikki qismiga ham sariyog' surtdi-da, nonning yog'li qismini eriga berayotganida birdan o'ylanib qoldi:

“Birga yashaganimga o'ttiz yil bo'ldi. Shu vaqt mobaynida shirmoy nonning men yaxshi ko'radigan sedanali, qizarib pishgan tepa qismini o'zim yeyishni xohlab tursam-da, erimning hurmatidan
istagimdan voz kechdim. Shu kungacha erim uchun namunali ayol bo'ldim, solih farzandlarni tarbiya qildim, qarindoshlarini izzat, do'stlarini hurmat qilib keldim. Vafodor, yaxshi beka
bo'lib, uy-xo'jalik ishlariga qaradim, oilamiz uchun qancha kuch-g'ayrat va sog'lig'imni sarf qildim. Hozir esimga kelmayotgan bo'lsa ham, yana ko'plab yaxshi ishlarni qilganman. Mana endi
shirmoy nonning tepa qismini yeyishga mening ham haqqim bordir”.

Shunday qilib o'ttiz yillik an'anani buzib, shirmoy nonning o'rta qismini eriga uzatdi. O'zining beodobligidan bir oz xijolat ham bo'ldi. Biroq nafs ustun keldi. Ammo
kutilmaganda er quvonib, yuzlari yorishib, ayoliga tabassum hadya qildi va:

– Azizam! Bugun menga qimmatbaho sovg'a taqdim etding. Buni qaragin, men shirmoy nonning o'rta qismini yaxshi ko'rar edim. O'zim yaxshi ko'rgan qismini yemaganimga ham o'ttiz yil bo'libdi.
Bu qismini har tong yeyishni xohlar edim, lekin shirmoy nonning shirin bo'lgan o'rta qismi sening haqqing bo'lganligi va men senga har doim yaxshisini ilinganim uchun buni aytishga,
so'rashga botina olmas edim. Mana bugun ajoyib kun bo'ldi!

Ayol yuzlari qizargancha yerga qaradi. Erining qandoq ham muruvvatga to'la inson ekanini har doimgidan ham ko'proq his qildi. Alloh taolo shunday insonni uning taqdiriga bitib
qo'yganidan butun vujudi shukronaga to'ldi.

Isomiddin Sayfullaev

16.03.2024
2044

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.

Ey inson! Shuni bilib qo'y. Robbingning duoyingni aynan sen istagandek qabul qilmasligi balki aslida uni qabul qilganligidandir. Umidingni so'ndirma! Yuz yoshida farzandli bo'lgan 
Zakariyo alayhissalomdan, gulxanda yonmagan Ibrohim alayhissalomdan ibrat ol!

Unutma, Alloh azza va jalla ziyonga o'xshab ko'ringan narsadan foyda, foydaga o'xshab ko'ringan narsadan ziyon chiqarishga qodirdir. Shuning uchun har narsaning xayrlisini-foydalisini 
so'rab duo qil.

Istaganingga erishguncha ham, erishgach ham imtihondasan. Salomatlikda, xastalikda, maktabda, uyda, ishda, har yerda sinovdasan. Do'sting, birodaring, o'quvching, mijozing, qo'shning, ishchi 
bilan so'zlashayotganda ham imtihondasan. Masjidga kirib, bir burchakka borib o'tirding, mo'ysafid bir amaki kelib: “O'g'lim, bilmasmiding, qirq yildan beri bu yerda men o'tiraman?!” 
deganda ham sinalyapsan. Mashinada ketayotganda, qaysidir haydovchi qoidani buzib sendan o'zib ketdi, yetmaganiga ro'lini burib oldingga o'tib oldi. Imtihondasan. Do'konni ochding, 
“Bismillah” deyishga og'iz juftlamay, bir miskin kelib: “Assalom alaykum, hormang, birodar”  – deb qoldi. Sadaqa qilasanmi, quruq qo'l bilan qaytarasanmi? Bu ham imtihon. Har yerda, har 
xil vaqtda turli shakl-u shamoyilda sinalasan. Asosiy masala – olovdan eson-omon qutulib chiqib jannatga erisha olishingda.

Zakariyo alayhissalom ushbu imtihonning asl ma'nosini anglagan, boshi berk har ko'chada, adashilgan har manzilda Alloh tomon yo'l topadigan, qalblarga malham bo'luvchi farzand so'rab 
duo qildilar. Alloh u zotga Yahyo alayhisssalomni berdi. Zakariyyo alayhissalom ham o'z o'g'lini Alloh yo'lidagi o'g'il sifatida voyaga yetkazdilar. Yahyo alayhissalom ulg'ayib, faqatgina 
Allohning shariatini tasdiqlashlarini [147] e'lon qildilar. Insonlarning oldida bosh  egmadilar, Alloh harom qilga biror-bir narsaga mayl qilmadilar. Robbiga bergan qullik 
ahdiga sodiq qoldilar. Hayotni namozga emas, namozdagi xushu'ni hayotlariga tatbiq qildilar. 
Bashariy tuzumlarning inson hayotiga olib kirgan barcha qonun-qoidalariga qarshi 
kurashdilar. Sadoqatining nishonasi sifatida bu yo'lda jonlarini fido qildilar.

Yahyo alayhissalom o'z qarashlari orqali butun musulmon yoshlarini “rahbar” bo'lishga, ya'ni insoniyat qurgan tuzumlar asosida boshqariladigan shaxs emas, Allohning nizomiga asoslanib 
insoniyatni boshqaradigan “qul” bo'lishga undadilar. Iffat va izzat ustunlari orasidagi hayotda yashadilar. Qur'onda zikr qilinganidek, “hasur – shahvati tiyilgan” payg'ambar bo'ldilar. Bir yigit shaytonning vasvasasiga qarshi qanday kurasha olishini ko'rsatib berdilar.

--------------------------------

[147] Oli Imron surasi, 39-oyat.

Abdulloh Rahim va Nilufar Allamova tarjimasi
 

13.06.2022
8505

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.

Bu voqea yaqin kunlarda, Ramazon oyi kezlari yuz berdi. Ishdan odatdagidan kechroq qaytar  ekanman, kechgi iftorlikka biron taom hozirlashga ulgurolmasligim gumoni g'olib kela
boshladi. Nima qilsam ekan? Yo'l- yo'lakay do'konga kirib, biron yarim tayyor mahsulot sotib  olib, uyda pishirishni ko'nglimga tugdim. Shu payt do'kondagi muzlatgichda kichik idishlarda
turgan go'jani ko'rib qoldim. Anchadan beri go'ja oshi ichmaganimdanmi, juda uni tanovul  qilgim keldi. Ayni paytda uyda ikki kishigina bo'lganimiz uchun ikkita idishdagi go'jani
sotib olib, uyga shoshildim. Kela solib soatga qaradim, iftor vaqti yaqinlashib qolibdi...
Oshxonada choy-poylarni tayyorlab, dasturxonni tuzagunimcha ko'cha eshikdan qo'shnilar chaqirib qolishdi. Bemorlari bor ekan, ularni ko'rikdan o'tkazib, zarur muolajalarni tayinlagunimcha,
orqasidan yana boshqa bemor kelib qoldi... Ular bilan ovoramanu, ko'nglim oshxonadagi stol ustida turgan go'jada...
“Hozir bularni kuzatamanu, kirib iftor qilaman, og'zimni ochishim bilan go'jani yeyman... Ha- ya, avval shomni o'qib olishim kerak...”
Shu asnoda xo'jayinim oshxonaga birrov kirib, bir narsa ko'tarib chiqqandek ko'rindi. E'tibor ham bermadim. Nihoyat bemorlarim ketib, bo'shagach, oshxonaga chopdim. Kirsam, suzib qo'ygan
go'jam yo'q! Mehmonxonaga kirdim, xo'jayinim oshnasi bilan hangomalashib, go'ja ichib o'tiribdilar. Yosh boladek ko'nglim buzilib ketdi...
“Mayli, nasib emas ekan-da...” dedim. Ammo, o'sha payt rosa go'ja ichgim kelgan ediki... asti qo'yavering.
Shu payt yana ko'cha eshikdan birov chaqirdi. Chiqib qarasam, sal nariroqdagi bir qo'shnim. Onalarining qon bosimlari ko'tarilib ketgan ekan, chiqib ko'rib bering, dedi. "Xo'p”, dedimu
qo'shnimnikiga yo'l oldim. Onaxonni ko'rikdan o'tkazdim, qon bosimlariyam me'yorida chiqdi.  Keyin bilsam, ularning tonometrlari buzilib qolgan ekan. Shuni aytib, bosh og'rig'i boshqa
sababdanligini aniqlab, muolajaga dorilar yozib berdim. O'rnimdan turishga hozirlangan  edimki, qo'shnim dasturxonga taklif qildi. Noiloj o'tirdim. Shu on, issiqqina bir kosa
ovqatni menga uzatishdi. Ne ko'z bilan ko'rayki, sal oldin ko'nglim juda tusab, icholmagan bir  kosa go'ja edi... Ovqatni ko'rib, bir ajablanaman, bir kulaman. Holatimdan taajjublangan
qo'shnimga bo'lib o'tgan voqealarni aytib berdim. Qo'shnim: "Subhonalloh, rizqingiz  biznikida ekan-da...", dedi. Go'jamni bismillah, deb maza qilib ichib oldim...
Ko'nglimdan milt etib o'tgan xayolni-da bilib, uni menga hozir qilish uchun qo'shnimning  tonometrini nosozligini sabab qilib, rizqim tomon meni yetaklab qo'ygan Alloh taologa
bitmas-tugamas hamdu sanolar bo'lsin. Anchadan beri chiqolmay, holidan xabar ololmay yurgan  qo'shnimni ziyorat qilib, silai rahm eshigiga chorlab qo'ygan Robbimga shukrlar bo'lsin!

Feruza Obidova,  shifokor

08.06.2022
6634

Бисмиллаҳир Роҳманир Роҳийм.
Аллоҳ таолога битмас-туганмас ҳамду санолар бўлсин.
Пайғамбаримизга мукаммал ва батамом салавоту дурудлар бўлсин.

Ризқдаги бараканинг омиллари:

1. Таомни биргаликда ейишда барака бор (Ибн Можа).

2. Бисмиллаҳ билан ейилган таомда барака бўлади (Ибн Можа).

3. Барака овқатнинг ўртасига тушади. Шунинг учун ҳам четидан енг, ўртасидан еманг (Термизий).

4. Саҳарда ва саҳарлик таомида барака бор (Табароний).

5. Таомдан олдин ва кейин қўлларни ювиш уйдаги баракани орттиради (Шуйба).

6. Қайноқ овқатда барака бўлмайди (Дайламий).

7. Асалда барака ва шифо бор (Ғофилин).

8. Сиркада, сутда, хурмода барака бор (Ибн Можа).

9. Ризқига рози бўлганнинг баракаси ортади, рози бўлмаганнинг баракаси камаяди (Аҳмад).

10. Олди-сотдида кўп қасам ичиш молнинг баракасини кеткизади (Муслим).

11. Тижоратда барака бордир, унга ёлғон, хиёнат аралашса, барака кетади (Бухорий).

12. Барака буюкларингизда (Рафиий).

13. Биринчи боласининг қиз бўлишлиги хотиннинг баракотидандир (Ибни Асокир).

14. Қиз бола баракотлидир (Дайламий).

15. Боласиз уй баракасиздир (Абушайх).

16. Уйнинг яхшилиги ва баракоти кўпайиши учун уйга кирганингда уй одамларига салом бергин (Ҳаротий).

17. Дуо умрнинг баракасини кўпайтиради (Термизий).

18. Қуръон ўқиладиган уйнинг баракаси ортади, Қуръон ўқилмайдиган уй бебарака бўлади (Доримий).

19. Мусофир мингта барака ва мингта раҳмат билан келади (Нисобул ахбор).

20. Уйидан вақтли чиққаннинг ишида барака бўлади (Баззор).

21. Йўлчиликка чиқиб, биродари билан видолашгач, уларнинг дуоси билан баракага эришади (Дайламий).

22. Ота-онасига хизмат қилганларнинг умри баракали, уларга қарши борганларники баракасиз бўлади (Ислом ахлоқи).

23. Муҳаммад исмли уй ва жойда барака бўлади (Дайламий).

24. Бомдод намозининг суннатини уйда ўқиш, ризқнинг баракотига сабаб бўлади (Имоду ислом).

25. Намоз ўқийдиган кишининг ризқи баракали бўлади (Кутуби Ситта).

26. Ваъдали олди-сотдида, қарзни беришда ва арпа аралаштирилган нонда барака бор (Ибн Можа).

27. Уйда чиқиндиларнинг бўлишлиги баракасизликка сабаб бўлади (Дайламий).

28. Фосиқ ва судхўрларнинг даромадида барака бўлмайди (Дайламий).

29. Бир жамоада бири гапириб турганда қолганлари тинч турмаса, у жой баракасиз бўлади (Байҳақий).

28.06.2021
6063

Янги масжидда илк жума намози адо этилди

16:57 / 17.05.2019 9573 Ўқиш режими + -

Бугун, 2019 йил 17 май куни янги Шайх Муҳаммад Содиқ Муҳаммад Юсуф номидаги жоме масжидида  илк жума намози ўқилди. Жума мавъизаси «Закот бериш – буюк ибодат!» мавзусига бағишланди. 

Жума намозидан аввал ушбу масжиднинг имом хатиби Исмоил Муҳаммад Содиқ мавъиза қилди. Унда «Закот», «Қуръон оятлари» ва Пайғамбаримиз соллаллоҳу алайҳи васалламнинг суннатлари ҳақида сўз борди. 

Хусусан, Қуръони каримда закотнинг фарзлиги ва унинг фазилатлари ҳақида бир неча ояти карималар нозил бўлган. Қуръони каримда «закот» сўзи ўттиз мартадан ортиқ келган бўлса, шундан йигирма еттитасида у намоз билан бирга зикр қилинган.

Аллоҳ таоло Қуръони каримда шундай марҳамат қилади:

«Намозни тўкис адо этинглар, закот беринглар ва Расулга итоат қилинглар. Шоядки, раҳм қилинсангиз» (Нур сураси, 56-оят).

Мавъизадан сўнг илк жума намози адо этилди. Шунингдек, мажмуага юртимизнинг чекка ҳудудларидан ҳам зиёратчи меҳмонлар ташриф буюришди.   

Аллоҳ таоло ўқилган жума намозини хайрли қилсин!

28.06.2021
2868

Бисмиллаҳир Роҳманир Роҳийм.
Аллоҳ таолога битмас-туганмас ҳамду санолар бўлсин.
Пайғамбаримизга мукаммал ва батамом салавоту дурудлар бўлсин.

Мусулмон инсон бўлажак ишларда «Барчага ўзи учун халқ қилинган амал муяссардир» жумласини шиор қилиб олиб, ўзини амалга уриши керак. Ўзи учун яхшилик амалларни қилиш муяссар эканини исботлашга ҳаракат қилиш лозим.

Бундай яхши ишларга муяссар бўлганда эса хурсанд бўлиши даркор. Баъзи кўнгилсиз ишлар бўлиб қолганда, уларни хато, ожизлик ҳисоблаб, дарҳол тавба қилиши, ёмон амаллар ўзи учун муяссар эмаслигини исбот қилишга уриниши керак.

Бўлажак ишлар қаршисида мусулмон инсон ўзини қазои қадарга нисбатан қандай тутиши лозимлиги, саҳобаи киромлар ҳамда салафи солиҳлар доимо ўзларини «яхши ишга муяссар кишилар» дея ҳисоблаб яшаганлар. Мусулмон бўлишларини катта бахт аломати деб билишган.

Ҳаётлари давомида ўзларини доимо яхши ишга уриб яшашган.

Тақво билан бетавфиқликка бирданига дуч келсалар, яхши амалга муяссар бўлиш ниятида ўзларини тақвога урганлар.

Сахийлик билан бахилликка дуч келсалар, ўзларини сахийликка урганлар.

Ишчанлик ва дангасаликка дуч келсалар, ўзларини ишчанликка урганлар.

Бутун умрларини, қандай қилиб кўпроқ савобли амал қилар эканман, деган фикр ва ҳаракат билан ўтказганлар.

Шунинг учун ҳам улар чарчоқ, машаққат, қийинчилик ва ўлимдан заррача қўрқмаганлар.

Шунинг учун ҳам барча тўсиқларни осонлик билан енгганлар.

Шунинг учун ҳам уларга доимо муваффақият ёр бўлган.

Қазои қадарга бўлган шу шаклдаги иймон заифлашганда эса ҳамма ишлар орқага кетди.

Амал қилиш ўрнига қазои қадарни тескари таъвил қилиб, «амалнинг фойдаси бўлармикан ёки йўқми», деб қуруқ сафсата сотилганда, ишлар расво бўлди. Бунинг натижасида беҳуда жанжал кўпайди. Исломий фазилатлар ўрнини иккиланиш, қўрқоқлик, дангасалик ва бошқа разолатлар олди.

Натижада салафи солиҳлар ўрнига кимлар келди?

«Бас, уларнинг ортидан бир ўринбосарлар қолдики, улар намозни зое қилиб, шаҳватларга эргашдилар. Бас, тезда ёмонликка йўлиқурлар» (Марям сураси, 59-оят).

Мусулмонлар ўз шахсиятларини, муносиб ўринларини тикламоқчи бўлсалар, қазои қадарга бўлган иймонларини аввалги соф ҳолига келтиришлари ҳам ўта зарур ишлардан бири эканини унутмасликлари керак.

«Сунний ақийдалар» китоби асосида тайёрланди

28.06.2021
4773